Ortga qaytmoq Chop etmoq

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimi

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 11-iyunda qabul qilingan bo‘lib, Senat tomonidan 2020-yil 7-avgustda ma’qullangan. Ushbu Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir. 

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

voyaga yetmagan shaxs savdosi — «odam savdosi» degan tushunchada ko‘rsatilgan ta’sir o‘tkazish vositalaridan foydalanilgan-foydalanilmaganligidan qat’i nazar, har qanday harakat yoki bitim bo‘lib, ular vositasida voyaga yetmagan shaxs ota-onasi, boshqa qonuniy vakili yoki o‘zga shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda undan foydalanish maqsadida yoxud moddiy yoki boshqa naf olish maqsadida boshqa shaxsga haq evaziga beriladi;

kelib chiqish mamlakati — hududidan odam savdosidan jabrlanganlarni olib chiqish amalga oshirilgan yoki fuqarolari odam savdosidan jabrlangan davlat; majburlash — majburlanayotgan shaxsni uning irodasiga qarshi yoki irodasini chetlab o‘tib, biror-bir harakatni amalga oshirishga yoki biror-bir harakatni bajarishni majburlovchi shaxsning yoki boshqa shaxslarning foydasi uchun rad etishga undash maqsadidagi jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zo‘ravonlik yoki ularni qo‘llash tahdidi; odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish yo‘li bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning o‘zga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka o‘xshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishni anglatadi; odam savdosiga qarshi kurashish — odam savdosining oldini olishga, uni aniqlashga, unga chek qo‘yishga, uning oqibatlarini kamaytirishga, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga doir faoliyat;

Odam savdosiga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: qonuniylik; odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi; odam savdosidan jabrlanganlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik; ijtimoiy sheriklik.

Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik.

Odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro va chet el tashkilotlari bilan hamkorlik odam savdosiga qarshi kurashishga, shu jumladan odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish markazlarini tashkil etish vositasida qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro texnik yordam ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish shaklida hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 

 

Sh.Eshimov 

Jinoyat ishlari bo‘yicha 

Arnasoy tuman sudi raisi

 

M.Ernazarov

Jinoyat ishlari bo‘yicha 

Arnasoy tuman sudi tergov sudyasi