Ortga qaytmoq Chop etmoq

Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan farzandlarini moddiy ta’minlashdan qasddan bo‘yin tovlaganlik uchun jazo choralari haqida

 Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.

 Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabi va fuqarolik hola­tidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar.

 Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni to‘lamaslik - jarima, axloq tuzatish ishlari, ma’muriy qamoq hatto ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazolar bilan jazolanadi.

 Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining MJtKning 474-moddasida Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash uchun jazo charalari belgilangan. Unga ko‘ra – “Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik” o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

 Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi deyilgan.

 O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasida “Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa” ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 O‘sha qilmish xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 Agar shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi deb belgilangan.

 O‘zbekiston Respublikasining Oila to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq ota-onalarga o‘zlarining voyaga yetmagan yoxud voyaga yetgan bo‘lsalar ham mehnatga layoqatsizliklari bois moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan bolalarini ta’minlash bo‘yicha majburiyat yuklangan.

 Faqat ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosadigan shaxslarga nisbatan bolalarni ta’minlashga oid sudning hal qiluv qarori kuchga kirgan hollardagina JK 122-moddasiga oid javobgarlik kelib chiqadi.

 Sudning qaroriga binoan moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni ta’minlash bo‘yicha to‘lanadigan mablag‘larni jami bo‘lib uch oydan ortiq muddat ichida to‘lamaslik bo‘yin tovlash deb topiladi.

 Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarni ta’minlash majburiyati zimmasiga yuklangan shaxs, agar, uzrli sabablarga ko‘ra, masalan, o‘zining kasalligi, mehnatta layoqatsizligi, nogironligi va hokazolar tufayli ularni ta’minlash imkoniyatidan mahrum bo‘lganda, Jinoyat kodeksining 122-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlik kelib chiqmaydi.


                                              Eshimov Sharof   

                                              Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi raisi