Ortga qaytmoq Chop etmoq

Arnasoy tumani hokimi Xitoylik investorlar bilan kelgusidagi rejalar borasida muzokaralar olib bordi

Paxta hosildorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlarini yoʻlga qoʻyish orqali paxta-toʻqimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida Arnasoy tumani hokimligida Xitoylik investorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi. 

Mazkur uchrashuvda Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov va  Xitoy Xalq Respublikasining “China Xinjiang Hongtai Seed  Industry Technology Co.Ltd” kompaniyasining vakillari bilan kelgusida tumanda xitoy chigiti va texnologiyalari orqali paxta yetishtirish samaradorligini oshirish borasida tomonlar muzokaralar olib bordi.

Muzokaralar chogʻida dastlab noyabr – dekabr oylarida tuman fermerlari oʻrtasida seminar tashkil etish va 2025-yilda tumanda xitoy texnologiyalari orqali xitoy paxtasini yetishtirish va yuqori hosildorlik olishning qulayligi yuzasidan koʻlamli tushunchalar berish koʻzda tutildi.

Shuningdek, tumanda qishloq xoʻjaligi sohasini isloh qilish borasida xitoy texnologiyalari asosida xitoy chigitini qoʻsh-qator qilib ekishning afzalliklari mutaxassislar tomonidan tahliliy qilib koʻrsatib berildi.

– Paxta yetishtirishda yerdan unumli foydalanish paxta hosildorligi uchun eng muhim omillardan biri sanaladi, -deydi “China Xinjiang Hongtai Seed  Industry Technology Co.Ltd” kompaniyasi mutaxassisi.– Hozirda Arnasoy tumanidagi dehqon fermerlar tomonidan har bir gektar maydonga 110 mingta chigit ekilayotgan boʻlsa, qoʻsh-qator qilib ekish orqali koʻchatlar soni 250 mingtaga oshiriladi. Natijada 50 sentnerdan hosil olishga ham erishiladi.

Muzokaralar chogʻida kelgusida tumanda paxta ekishdan tortib hosilni yigʻib olishgacha boʻlgan xitoy texnikalarni ishlab chiqarishni hamda paxtani qayta ishlashni  keng yoʻlga qoʻyish borasida kelishib olindi.

Shuningdek, 2024-yilda tumanda 9 ming gektar paxta maydonlarining 985 gektariga tajriba asosida xitoy chigiti ekilganligi va oʻrtacha paxta hosildorlik 45-50 foizga yetganligi bois, 2025-yilda bu koʻrsatgich 50 foizga oshirilishi kelishib olindi.

Shu boisdan xitoy chigiti va texnologiyalari orqali yetishtirilgan paxta hosildorligi yuqori boʻlganligini inobatga olib, Xitoylik investorlar bilan boʻlgan muzokaralar aynan kelgusidagi rejalar kelishib olindi.Albatta bundan koʻzlangan maqsad ham tumanda yuqori paxta hosildorligiga erishishdir.