Telefonlar:
(0372) 372-10-10
(72) 223-11-11
Arnasoy tumani hokimligi » Tuman yangiliklari » ARNASOY TUMANI HOKIMI ODIL MUSANOVNING HOKIMLIK JAMOASIGA MUROJAATI

ARNASOY TUMANI HOKIMI ODIL MUSANOVNING HOKIMLIK JAMOASIGA MUROJAATI

16 декабрь 2024, Понедельник
80
0

Mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida keskin va murosasiz kurash olib borishga jiddiy kirishildi.

Shunga qaramay, mazkur illat davlatning ayrim sohalarida uchrayotganligi mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga albatta oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatib kelmoqda.

  Korrupsiya nafaqat mamlakatga moddiy yoʻqotish olib keladi, balki tadbirkorlik rivojiga, qonun ustuvorligini shakllantirishga toʻsqinlik qiladi, jamiyatda ijtimoiy keskinlikni, hokimiyatga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi, halokatli ogʻir oqibatlarga olib keladi.

  Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Davlat tizimini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi boʻlgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday koʻrinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak”, deya alohida taʼkidlaganlari uning naqadar xavfli illat ekanligini koʻrsatadi.

  Korrupsiya va poraxoʻrlik jamiyat barqarorligining muhim asosi boʻlgan adolatning yoʻqolishiga olib keladi. Mamlakatimiz mustahkamligi, xalqimiz farovonligi, yurtning rivoji va gullab yashnashini, obod boʻlishini istagan har bir fuqaro pora olish va berish illatidan xalos boʻlishi, bir soʻz bilan aytganda “halollik vaksinasi” bilan emlanishi kerakdir.

  Bugungi kunda ayrim hokim yordamchilari, tibbiyot, iqtisodiyot va bank-moliya tizimida faoliyat yuritayotgan baʼzi nopok xodimlar oʻz manfaatlarini koʻzlab, kredit olishda, byudjet mablagʻlarini taqsimlashda, ming afsuski, noqonuniy ishlarga aralashib qolayotganliklarini guvohi boʻlayapmiz. Xalqimiz “Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yilda ham chiqadi” deb bejiz aytmagan. Sodir etilgan har qanday korrupsiyaviy jinoyat sirligicha qolmaydi, albatta oshkor boʻladi. Shuning uchun men sizlarni ogohlantirib oʻtmoqchiman, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrardir, buni har bir davlat xizmatchisi vujudi bilan his qilishi, koʻz oldiga ota-onasi, farzandlari va aka-singillarini keltirishlari kerak.

  Davlat xizmatchisi – bu oddiy xodim emas, u davlat topshirigʻi va manfaatlari boʻyicha uning nomidan harakat qiluvchi insondir. Shuning uchun davlat xizmatchisi degan yuksak hamda sharafli nomga dogʻ tushirmaslik uchun eng avvalo halol boʻlishimiz, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni vijdonan, vatanparvarlik tuygʻusini toʻliq his etgan holda mehnat qilishimiz lozim boʻladi.

  Ish faoliyatimizda korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz munosabatda boʻlish, xalqimizga halol va sadoqat bilan xizmat qilishni asosiy burchimiz va vazifamiz deb, bilaylik.

Faoliyatimizni qaytadan xolis tahlil qilib, mahalliy ijro hokimliklari oldiga qoʻyilgan ustivor vazifalarni shaxsiy manfaatimizdan ustun qoʻygan holda sidqidildan bajarishga barcha kuch va salohiyatimizni safarbar etaylik.

  Davlat xizmatchisining eng avvalo yuragi, vijdoni va qoʻli toza, koʻngli ochiq, aql va zakovat sohibi boʻlsa, u albatta el-yurt ishonchini, mehrini va eʼtiborini qozona oladi. Shunday ekan, goʻzal va betakror yurtimizning bugungi va ertangi kuni, yorugʻ kelajagi uchun avvalambor oʻzimiz masʼul ekanligimizni unutmaylik.

  Davlatimiz rahbari tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi”da belgilab berilgan maqsadlar, shuningdek mahalliy ijro hokimliklari oldiga qoʻyilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini soʻzsiz va ogʻishmay bajarilishini taʼminlaylik.

  Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib boraylik!


Arnasoy tuman hokimligi Axborot xizmati

Muhokama qiling
Fikr qo'shing
Fikr (0)
Прокомментировать
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Foydali havolalar