Aholiga sud muhokamalari yuzasidan qonunning mazmun-mohiyati
O‘zbekiston Respublikasida sud-huquq islohotlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning sud muhokamalarida masofadan ishtirok etishini yanada osonlashtirish maqsadida “Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Ushbu Qonun 2025-yil 11-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi va rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Sudlov tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish kengaymoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud faoliyatini raqamlashtirish va elektron xizmatlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda fuqarolar sudlarga ariza berish, sud hujjatlarini olish, ish holati bo‘yicha ma’lumotlarni bilish hamda masofaviy tarzda sud muhokamalarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lib kelmoqda.
Biroq amalda videokonferensaloqa orqali o‘tadigan sud muhokamalarida ishtirok etuvchilar faqat tegishli sud binolariga borib, u yerdagi texnik vositalar orqali masofaviy tarzda qatnashishlari mumkin edi.
Yangi Qonun mazkur jarayonni yanada osonlashtirib, sud muhokamalarining mobil videokonferensaloqa tizimi orqali tashkil etilishi uchun huquqiy asos yaratdi.
Qonunning asosiy jihatlari
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra:
Sud muhokamalarida videokonferensaloqa orqali ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirildi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar (taraflar, vakillar, guvohlar, ekspertlar va boshqalar) endilikda faqat tegishli sud binolaridan emas, o‘zlariga qulay joylardan yashash manzili, ish joyi yoki boshqa joydan ham masofadan sud muhokamasiga qo‘shilishlari mumkin.
Buning uchun ishni ko‘rayotgan sudning mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalaniladi.
Sud muhokamasi ishtirokchilari shaxsini aniqlash tartibi belgilab berildi.
Videokonferensaloqa orqali qatnashuvchi shaxslarning kelgan-kelmaganligi va shaxsi axborot texnologiyalari orqali sud tomonidan tekshiriladi.
Guvohlar va ekspertlarning javobgarligi kuchaytirildi.
Videokonferensaloqa orqali guvohlik bergan shaxslarning huquq va majburiyatlari ularga tushuntirilishi shart.
Guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar qasamyod qilgani audio va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
Qonunning ahamiyati va kutilgan natijalar;
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulayliklar yaratiladi.
Endi sud muhokamalarida ishtirok etish uchun uzoq masofani bosib o‘tishga ehtiyoj qolmaydi.
Bu ayniqsa hududlardagi fuqarolar, yoshi kattalar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun juda muhimdir.
Sud jarayonlarining tezkorligi va shaffofligi oshadi.
Masofadan ishtirok etish imkoniyati kengayishi sud muhokamalarini tezlashtirishga va kechikishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Sud tizimida axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi yuksaladi.
Bu esa sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlashga hamda huquqiy xizmatlardan samarali foydalanishga imkon beradi.
Qabul qilingan Qonun sud tizimini yanada raqamlashtirish, sud muhokamalarining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, eng muhimi – fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
F.Ibodullaev
Jizzax viloyat ma’muriy sudining sudyasi
Shuningdek o'qing:

