ARNASOYDA DUAL TA’LIM BO‘YICHA O‘QUV SEMINAR TASHKIL ETILDI
Arnasoy tuman 1-sonli Musiqa va san’at maktabida dual ta’lim bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘quv-seminarida tumandagi korxona, tashkilot, muassasalarning kadrlar bo‘limi boshliqlari ishtirok etishdi.
O‘quv-seminarida Arnasoy tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shavkat Kenjaboyev, Jizzax viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Rahimov, Arnasoy politexnikumi direktori Ra’no To’raboyevalar dual ta’lim va uning afzalliklari haqida tushunchalar berishdi.
Dual ta’lim — bu nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirgan holda o‘qitish tizimi bo‘lib, o‘quvchi bir vaqtning o‘zida ham ta’lim muassasasida nazariy bilim oladi, ham ishlab chiqarish korxonalarida amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Bu model asosan Germaniya, Shveysariya, Avstriya kabi mamlakatlarda keng tarqalgan bo‘lib, hozirgi kunda dunyo bo‘ylab samarali qo‘llanilmoqda.
Dual ta’lim tizimi o‘quvchilarga olingan nazariy bilimlarni bevosita ish joyida sinab ko‘rish imkonini beradi. Bu esa ularning kasbiy ko‘nikmalari va malakalarini mustahkamlaydi. Texnikum bitiruvchilari ish tajribasiga ega bo‘lgan holda mehnat bozoriga chiqadilar. Bu esa ularning ishga joylashish imkoniyatini oshiradi. Ishlab chiqarish korxonalari dual ta’lim orqali o‘z ehtiyojlariga mos keladigan mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Amaliy mashg‘ulotlarda qatnashish o‘quvchilarning kasbiga bo‘lgan qiziqishini oshiradi va ularni doimiy rivojlanishga undaydi. Dual ta’limni tamomlagan bitiruvchi nafaqat diplom, balki muayyan ish tajribasiga ham ega bo‘ladi. Bu esa uning mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlaydi.
Texnikumlar uchun dual ta’lim tizimini joriy etish nafaqat o‘quv jarayonini samarali qilish, balki mahalliy iqtisodiyot uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik yanada mustahkamlanadi. Mutaxassislar real ish sharoitida tayyorlanadi, bu esa korxonalarning xarajatlarini qisqartiradi.
O‘quvchilar amaliyot jarayonida ish haqi olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, bu esa ularning moddiy rag‘batlanishini oshiradi.
Dual ta’lim tizimi texnikumlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu model o‘quvchilarga bilim va amaliy ko‘nikmalarni uyg‘unlashtirish orqali mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarga aylanish imkoniyatini beradi. Shu boisdan ham bu tizimni keng joriy etish va rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘quv seminar davomida ishtirokchilar dual ta’lim bo‘yicha savollar bilan murojaat qilishib, tegishli javoblar olishdi.
Arnasoy tuman hokimligi Axborot xizmati