POMIDOR KUYASI – TUTA ABSOLUTA
Mamlakatimizning serquyosh qulay iqlimi yil davomida aholini sabzavotlar bilan ta’minlash imkonini beradi. Bugungi kunda mamlakatimizda ekin maydonlari tobora kengayib bormoqda. O‘zbekistonda sabzavot ekinlari orasida pomidor muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda kuzgi-qishki, oraliq, qishki bahorgi mavsumlarda oyna va polietilen plyonkali issiqxonalarda asosan pomidor, bodring, turli ko‘katlar, ko‘k piyoz, qulupnay va limon yetishtiriladi. Shu sababli, zararkunandalarga o‘z vaqtida, sifatli qarshi kurash olib borilsa, sabzavot va boshqa madaniy ekinlardan yuqori va sifatli hosil olinib, iqtisodiy samaradorlik ortadi.
Pomidor kuyasi tangaqanotlilar yoki kapalaklar ( Lepidoptera ) turkumi, o‘yiq qanotli kuyalar ( Gelechiidae ) oilasiga mansub hashorot.
Tuta absoluta – pomidor kuyasini birinchi marta Meyrick va Povolny degan olimlar aniqlashgan va o‘rganishgan.
Vatani Janubiy Amerika. Pomidor kuyasi Argentina, Boliviya, Chili, Ekvador, Kolumbiya, Urugvay va Vinesuellada katta maydonlarda pomidorga ko‘p yillar davomida zarar yetkazib kelgan va kelmoqda. Pomidor kuyasi bilan kuchli zararlangan barglar to‘la nobud bo‘ladi. Kuya bilan zararlangan pomidor o‘simliklarining hosildorligi 80 – 100% ga pasayib, hosilni to‘la nobud qilishi mumkin. 1 ga maydonni kuya 2 haftada to‘la vayron qilishi mumkin. Kapalagi kechalari uchadi, kunduzlari barglar orasida yashirinib o‘tiradi. Pomidor ham issiqxonalarda, ham ochiq dalalarda, butun o‘suv davrida zararlanadi. Pomidor o‘simliklarining o‘suv nuqtasidagi, barglari, poyalari va mevalari hamda poyaning pastki qismi ildiz bo‘g‘zi ham zararlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pomidor kuyasi O‘zbekistonda 2015-yilda Navoiy, Buxoro, Samarqand, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida hamda Farg‘ona vodiysida tarqalgan. Keyingi yillarda kuya boshqa viloyatlarga ham o‘tib ketdi. Ushbu zararkunandaga qarshi kurashishda quyidagi chora tadbirlar qo‘llaniladi:
1. Zararkunanda mavjudligini qayd qilish (feramon tutqichlar);
2. Agrotexnik va tashkiliy tadbirlar (issiqxonalar va ularning atrofini zararsizlantirish);
3. Kimyoviy usuldan foydalanish: Abamek 1,8% em.k. (t.e.m. abamektin), 0,3-0,35 l/ga. Kapito KS 9,3% sus.k. (indoksakarb 75 l/ga + abamektin 18g/l), 0.45 l/ga. Takumi 2% li s.e.g. (flubendiamid), 0.3 kg/ga. Zamektin 15% s.e.g., Ampligo 150 m.k.s., Koral 10 % e.k., Benzoat super 10% s.d.g. kabi insektitsidlar bilan samarali ishlovlar o‘tkazilishi kerak.
B.Saydamirov,
I.Mahamatkulov,
"Yallama" U.K.Ch.M inspektorlari